Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi 23-sonli umumta’lim maktabida vatanparvarlikni targ‘ib qiluvchi tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari so‘z olib, otaliqqa olingan maktablarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar yoshlar muammolarini o‘rganish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
O‘quvchilarning ma’naviy dunyoqarashi, huquqiy madaniyati, vatanparvarlik, daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirish galdagi tadbirning asosiy maqsadi ekanligi aytildi.
Uchrashuvda maktab bitiruvchilariga zarur tavsiyalar berildi. Zamonaviy kasblar, talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar, oliy ta’lim muassasalarida yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi akademiyasining maqsad va vazifalari tushuntirildi.
Shu kuni o‘quvchilar ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazilib, bilimdonlarga turfa kitoblar sovg‘a qilindi. Akademiya kursantlarining ko‘rgazmali mashqlari, badiiy havaskorlik jamoalari ijro etgan kuy-qo‘shiqlar, ayniqsa iste’dodli o‘quvchilar tayyorlagan chiqishlar barchaga manzur bo‘ldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati