IIV akademiyasida otaliqqa olingan ta’lim muassasalari yoshlari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil qilindi.
Poytaxtimizdagi 206-sonli umumta’lim maktabi hamda Yangiyo‘l tumanidagi 1-sonli ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchilari galdagi tadbir ishtirokchilari bo‘ldi.
Tanishuv jarayonida yoshlar akademiyaning boshqa o‘quv muassasalaridan farqli jihatlari, maskanda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, kunduzgi ta’limdagi mutaxassisliklar, kursantlar bilan olib borilayotgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar haqida keng tasavvur hosil qilishdi.
Boy kitoblar fondiga ega axborot-resurs markazi, sport kompleksidagi qulayliklar, vatanparvarlikni targ‘ib qiluvchi burchaklar, saf maydonida mashg‘ulot o‘tayotgan kursantlar o‘quvchilarda yorqin taassurot qoldirdi.
Ma’naviyat va ma’rifat maskanida o‘tkazilgan muloqot chog‘ida akademiya faoliyatiga oid videorolik namoyish qilinib, o‘qishga kirish istagidagi yoshlar uchun tavsiyalar berildi. Uchrashuv yakunida tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilar va ularning ustozlari akademiya boshlig‘i nomidan minnatdorlik xati hamda tashakkurnoma bilan rag‘batlantirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati