Yoshlarni yuksak insoniy fazilatlar bilan kamol toptirishda keksa avlod vakillarining alohida o‘rni bor. Ular bosib o‘tgan hayot maktabi yosh avlod uchun ibrat manbayi, havas qilsa arzigulik sharafli yo‘ldir.
IIV O‘quv-dala markazida tashkil etilgan uchrashuvga ko‘p yillik mehnat faoliyati bilan tizim ravnaqiga hissa qo‘shgan va ustozlik maqomiga erishgan bir guruh faxriylar taklif qilindi. Kunduzgi ta’lim 1-o‘quv kursi kursantlari, saf qismi ofitserlari, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti vakillari ishtirok etgan tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tdi.
“Uch avlod uchrashuvi”da istefodagi general-mayor Mirsamad Adilov, istefodagi polkovniklar Abdukarim Shodiyev, Abror Ibragimov, yuridik fanlar doktori, professor Axtam Tursunov, polkovnik Ismoil Himmatovlar so‘z olib, ichki ishlar organlarida xizmat qilishning mas’uliyatli va sharafli jihatlariga to‘xtalib o‘tishdi.
– Bugungi kunda tizimning har bir sohaviy xizmati ulkan islohotlarni boshdan kechirmoqda. Ichki ishlar organlarida xizmat qilish uchun har bir xodim keng bilim va dunyoqarash, zarur amaliy ko‘nikmalar, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar egasi bo‘lishi kerak. Shundagina, ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini beradi, – dedi polkovnik Abdukarim Shodiyev.
Muloqot chog‘ida tizim fidoyilari yoshlarga zarur maslahatlar berishdi. Ta’lim muassasasida “ustoz-shogird” an’analarining samarali yo‘lga qo‘yilgani, bilim olish, ilm bilan shug‘ullanish, kelgusida yetuk malakali mutaxassis kadr bo‘lishni maqsad qilgan yoshlar uchun ulkan imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi.
– Sizlar uchun eshigimiz hamisha ochiq, – dedi Akademiya boshlig‘ining yordamchisi, polkovnik Ismoil Himmatov. – Biz ham ustozlarga havas qilib, ulardan ibrat olib, hayotda ma’lum yutuqlarga erishganmiz. Shu ma’noda, sizlarga to‘g‘ri ta’lim-tarbiya berish ustozlar zimmasidagi ulkan vazifa. Bobolarimizda “o‘qib-o‘rgangan olim”, degan purhikmat gap bor. A’lo baholarga o‘qib, o‘z burchingizni munosib ado etsangiz, nainki, ustozlaringiz, balki ota-onangiz va mahalla-ko‘yning ham yuzi yorug‘ bo‘ladi.
Tadbir davomida badiiy havaskorlik to‘garagi a’zolari tomonidan vatanparvarlikni madh etuvchi qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan kitob yarmarkasi o‘tkazildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati