21-may kuni poytaxtimizda o‘tgan “Men g‘olib” ommaviy yugurish marafonida 2 ming nafarga yaqin havaskor va professional sportchilar qatnashdi.
Tadbir Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Yengil atletika federatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etildi.
Musobaqa avvalida so‘zga chiqqanlar an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan yugurish musobaqalari nafaqat harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari kursantlari, balki aholisi o‘rtasida tobora ommalashib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Shundan so‘ng “Humo Arena” sport majmuasi oldidan marafonga start berildi. Ishtirokchilar 3 va 10 kilometrlik masofani bosib o‘tish bo‘yicha kurashga kirishdilar. Musobaqa yakunida g‘oliblar shaxsiy birinchilik va jamoaviy tarzda aniqlandi.
Quvonarlisi, ommaviy yugurish marafonida IIV Akademiyasi kursantlari ham munosib ishtirok etib, sovrindorlar qatorida joy olishdi. 10 kilometr masofaga yugurish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Akmal Salayev birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Fayzullo Habibullayev marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi.
Kursant qizlarimiz orasida dastlabki oltin medalga Iroda Bekmirzaeva sazovor bo‘ldi. Undan keyin finishga yetib kelgan Miyassar Kushmurotovaga esa kumush medal nasib qildi. Jamoamiz hisobiga navbatdagi kumush va bronza medallarni 3 kilometr masofaga yugurgan Mashhura Saidqulova hamda Mehrangiz Narzullayeva olib keldi.
Shu tariqa IIV Akademiyasi vakillari harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.
G‘oliblar diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati