Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Oila tinchligi – farovonlik omili

12 May 2022, 07:05

2137

Xalqaro oila kuni munosabati bilan IIV Akademiyasida “Oila kodeksi – mustahkam oila tayanchi” mavzuida onlayn ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti, Yoshlar ishlari agentligi, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi, Uchtepa tumani FHDYO bo‘limi vakillari, shuningdek oliy ta’lim muassasalaridan ekspert va olimlar ishtirok etgan tadbirda oila institutini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. 

Bugun yurtimizda 8,5 millionga yaqin oila istiqomat qilmoqda. So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida oila institutini mustahkamlash, oilalarda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni qaror toptirish, gender tenglikka erishish, ayniqsa xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.  “Farovon oila – jamiyat ravnaqining asosi” konseptual g‘oyasi asosida oila institutini takomillashtirishda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolarning yaqin hamkorligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi qabul qilindi.

Ilmiy-anjumanda so‘zga chiqqanlar “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi – kelajak avlod poydevori”, “Oilaviy munosabatlarni shartnomaviy-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish masalalari”, “Oila qonunchiligida gender tengligi: muammo va yechimlar”, “Voyaga yetmagan bolalarning ta’minot huquqi – davlat himoyasida” hamda boshqa dolzarb mavzularda o‘z fikr mulohazalarini bildirdilar.

– Mazkur yo‘nalishda qabul qilinayotgan davlat dasturlari, avvalo, oilalar manfaatini ko‘zlagani, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli, – deydi  Oila va xotin qizlar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, yuridik fanlar nomzodi Ra’no Turdiboyeva. – Bu borada amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida 2020–2021-yillarda ajralish yoqasiga kelib qolgan 50 mingga yaqin oilalar yarashtirildi, 20 mingdan ziyod oilada nikoh qonuniylashtirildi, 6 mingga yaqin oilaning notinchligiga barham berildi. Ammo yoshlarning oilaga nisbatan munosabatini to‘g‘ri shakllantirish, ta’bir joiz bo‘lsa, mas’uliyatini kuchaytirish, yurtimizdagi oilalarni ajrimlardan himoyalash borasida ko‘plab vazifalar turibdi.

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan anjumanda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari faoliyatini kuchaytirish, nizoli oilalar bilan manzilli profilaktik ishlarni amalga oshirish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashning samarali mexanizmlarini tatbiq etish, hozirgi globallashuv sharoitida oila va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, amaldagi qonunchilik takomillashtirish va huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish yuzasidan taklif hamda tavsiyalar bildirildi.  

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech