15-may jahon bo‘ylab Xalqaro oilalar kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan IIV Akademiyasida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
“O‘zbekiston Respublikasining oila qonunchiligini takomillashtirish istiqbollari” mavzuyida tashkil etilgan anjumanda qator vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari, huquqshunos olimlar ishtirok etdi.
E’tirof etilganidek, mamlakatimizda oila institutining mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. Bu boradagi izchil chora-tadbirlar jamiyatda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni qaror toptirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida o‘zaro totuvlik, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Zero, oila tinch bo‘lsa, mahalla, yurt farovon bo‘ladi.
Anjumanda “Xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda oila va gender qonunchiligini takomillashtirishning o‘rni”, “Nikohdan sud tartibida ajratishning nazariy va amaliy muammolari”, “Oilaning asosi sifatida nikoh tuzish shartlarini takomillashtirish”, “Gender tengligi masalasiga xorijiy va milliy yondashuv”, “Bolalarni oilaviy tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishning nazariy, xuquqiy va amaliy muammolari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Oila institutining muhim masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati