Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur tadbir Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ham uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Erta tongdan ta’lim muassasasi hududida obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Manzarali daraxtlarga ishlov berilib, bog‘lar tartibga keltirildi.
Navro‘zi olam yaqinlashgani sayin, ko‘ngillarni ezgulik, yaratuvchilik, poklik tuyg‘ulari chulg‘aydi. Xayriya tadbirini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida kursantdan iborat tashabbuskor otryadlar tashkil qilindi.
Faol yoshlarning g‘ayrat-shijoati bilan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Oltintepa”, “Alisher Navoiy”, “Alisherobod” mahallalari hududida keng ko‘lamli ko‘kalamlashtirish ishlari amalga oshirildi. Aholi turar-joylari, ko‘chalar, yo‘lak va ariqlar tozalanib, bo‘sh yer maydonlariga mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi. Yon-atrof gullar bilan bezatildi.
Xalqimizga xos azaliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan oqibat va hamjihatlik tadbiri davom etmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati