Hozirgi tezkor davr qaysi bo‘g‘in bo‘lmasin, rahbarlar oldiga bir qator zamonaviy talablarni qo‘ymoqda. Ya’ni har bir rahbar o‘z kasbining yetuk salohiyatli vakili, mohir lider, jamoani maqsad sari birlashtira oladigan yetakchi bo‘lishi kerak.
Ichki ishlar organlari uchun zamon talablariga javob beradigan boshqaruv kadrlarini tayyorlashda tinglovchilarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari bilan birga, nutq madaniyatiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ta’lim jarayonida yo‘lga qo‘yilgan innovatsion yondashuvlar, o‘qitishning ilg‘or metodlari yordamida amalga oshirilmoqda.
IIV Akademiyasi magistraturasida o‘tkazilgan navbatdagi mashg‘ulot tinglovchilarning ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi. Real sharoitga yaqinlashtirilgan tarzda olib borilgan amaliy mashg‘ulotda tinglovchilar ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq dolzarb mavzuda matbuot anjumani tashkil etishdi. Malakali professor-o‘qituvchi va axborot xizmati mutaxassislari tomonidan tinglovchilarning kamera qarshisida o‘zini tutishi, axborotni keng jamoatchilikka yetkaza bilishi, axborot xurujlari va boshqa nostandart vaziyatlarda muloqotga kirishimligi, jurnalistlar bilan ishlash mahorati baholab borildi.
Aytish joizki, media va axborot savodxonligini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan bunday mashg‘ulotlar ichki ishlar organlarining xalqchilligini, soha xodimlarining OAV hamda keng jamoatchilik bilan hamkorligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati