Nukus shahridagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Uchrashuvda mamlakatimiz ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yetuk malakali kadrlar tayyorlash borasidagi chora-tadbirlar xususida so‘z bordi.
Akademiyaning Dastlabki tergov va kriminalistika kafedrasi o‘qituvchisi, podpolkovnik Zokirjon Jabborov so‘z olib, davlatimiz rahbarining PQ-5076-sonli qarorida belgilangan vazifalar, amaliyotga joriy qilingan yangi mexanizmlar, shuningdek IIV Akademiyasi faoliyatidagi tub islohotlarni tushuntirib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, joriy o‘quv yilindan boshlab Akademiyada jahon standartlariga to‘la javob beradigan ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy etildi. O‘quv jarayoni kadrlarni maqsadli kasbiy tayyorlashga qaratilib, kunduzgi ta’lim shakliga qabul qilingan kursantlar birinchi kursdan boshlab mutaxassislik va yuridik bilimlari hamda jangovar-jismoniy ko‘nikmalarini shakllantirib kelmoqdalar. Bundan tashqari, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida o‘quv tizimi takomillashtirilib, kadrlar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan ilg‘or metodlar samarali tatbiq qilindi.
Uchrashuv Akademiyaga kirish uchun o‘tkaziladigan sinovlar, kursantlar uchun yaratilgan imtiyoz va shart-sharoitlar haqidagi savol-javoblar bilan davom etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati