Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Namangan akademik litseyi – turnir g‘olibi

06 Dekabr 2021, 05:12

2029

IIV Akademiyasida vazirlik akademik litseylari hamda Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi o‘quvchilari o‘rtasida minifutbol turnirining yakuniy bosqichi o‘tkazildi. Ichki ishlar organlarida “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida o‘tkazilgan turnirda saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan oltita jamoa kuch sinashdi.

Taqvimga ko‘ra, “A” guruhidan Namangan, Sirdaryo, Navoiy viloyatlari, “B” guruhidan esa Qashqadaryo, Buxoro hamda Farg‘ona viloyatlari vakillari joy oldi. Muxlislar to‘rt kun davomida murosasiz bahslarga boy, qiziqarli uchrashuvlar guvohi bo‘lishdi. Nihoyat, turnirning hal qiluvchi final bosqichida Farg‘ona hamda Namangan akademik litseylari o‘quvchilari maydonga tushdi. Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yin namanganlik o‘quvchi yoshlarning 4:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan uchrashuvda Buxoro akademik litseyi o‘quvchilari navoiylik tengqurlarini penaltilar seriyasida 3:2 hisobi bilan mag‘lub etishning uddasidan chiqishdi.

Taqdirlash marosimida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Aziz Ikramov, IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Hatamov so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish, xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni e’tirof etishdi. Yoshlarning salomatligini mustahkamlash, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotgani ta’kidlandi.

Shundan so‘ng faxrli o‘rinlarni egallagan jamoalarga kubog va qimmatbaho sovg‘alar ko‘tarinki kayfiyatda topshirildi. Turnirdagi munosib ishtiroki uchun Farg‘ona akademik litseyi o‘quvchisi Samandar Ostonaqulov “Eng yaxshi o‘yinchi”, Buxoro akademik litseyi o‘quvchisi Ruslanbek Raupov “Eng yaxshi hujumchi”, Navoiy akademik litseyi o‘quvchisi Sanjar Alimuhammedov “Eng yaxshi himoyachi” va Namangan akademik litseyi o‘quvchisi Adham G‘ulomov “Eng yaxshi darvozabon” uchun atalgan sovrinni qo‘lga kiritdilar.

 

Umid DO‘STMURODOV,

podpolkovnik.

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech