Ichki ishlar organlari tizimida yoshlar haftaligi doirasida IIV akademiyasi kursantlari bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Tadbirda akademiya boshlig‘i o‘rinbosari Bobur Dadajonov, taniqli olima Jamila Shermuhammedova, “Zulfiya” mukofoti sohibasi Shirin Abdullayeva va boshqalar so‘z olib, bilim olish, ilm-ma’rifatli bo‘lish, buyuk maqsadlar sari intilishning shaxs kamolotidagi o‘rni, inson qadri ulug‘langan yurtimizda yosh avlod vakillariga qaratilayotgan ulkan e’tibor, yurtimiz yoshlari erishayotgan olamshumul yutuqlar haqida faxrlanib gapirishdi.
“Yoshlarimiz yangi kuch, ulkan salohiyat va shijoat bilan islohotlar maydoniga kirib kelmoqda. Biz ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ezgu maqsadlar yo‘lida ruhlantirishimiz lozim”, – dedi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy kengashi bo‘lim boshlig‘i Sarvar Ismoilov.
“Yaqindagina ushbu dargohni bitirgandim. Shu kungacha erishgan yutuqlarimda, avvalo, ota-onam va ustozlarim bergan ta’lim-tarbiya, qolaversa, kelajak maqsadlarim sari intilishim sabab bo‘ldi, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shunday ekan, tengdoshlarimga ham zamonaviy bilimlarni puxta egallashni, vaqt qadrini anglashni, mehnatdan qochmaslikni tavsiya bergan bo‘lardim”, – deydi IIV Tashkiliy departamenti katta inspektori, “Ilhom” mukofoti sovrindori, leytenant Javohir Bafoyev.
Tadbir davomida kursantlarga maslahat va tavsiyalar berildi. Yurtimizni madh etgan qo‘shiqlar yoshlarning vatanparvarlik ruhini yanada oshirishga xizmat qildi.
Aytish joizki, 18-25-dekabr kunlari poytaxtimiz mezbonlik qilgan “Yoshlar haftaligi – 2024” doirasida respublikamizning turli hududlaridan kelgan yosh xodimlar uchun motivatsion tadbirlar tashkil qilindi. Turli jabhalarda faol tashabbus ko‘rsatayotgan yoshlar munosib rag‘batlantirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati