IIV Akademiyasi kursantlari “Muzeylar haftaligi” doirasida poytaxtimizdagi bir qator muzeylarga sayohat qilishdi.
Tadbir milliy merosimizning tarixiy ildizlarini o‘rganish orqali yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, boy tariximiz, an’ana va qadriyatlarimizdan faxrlanish hissini kuchaytirish, buyuk namoyandalarimizning ibratli umr yo‘lini keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.
– Sayohat davomida atoqli shoir Sergey Yesenin yashagan uyda bo‘ldik. Bilamiz, uning hayoti va ijodida O‘zbekiston muhim o‘rin tutadi. Shoir o‘z vaqtida Samarqanddagi obidalarni tomosha qilib, shu qadar hayratga tushganki, oradan bir yil o‘tib Italiyaga sayohat qilganda “Baribir bu Samarqand emas!” deya qayta-qayta aytgan ekan. Hozir shoirning uy-muzeyida uch mingdan ortiq eksponat saqlanadi. Asosiy zalda Toshkentdagi hayotidan materiallar, nodir fotosuratlar va xotiralar jamlangan, – deydi sayohat taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan katta leytenant Malikaxon O‘rmonova.
Shu kuni kursantlar poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy, Tamaraxonim uy-muzeylariga sayohat qilib, milliy adabiyotimiz va san’atimiz tarixi, boy merosimizni yosh avlodga yetkazish yo‘lida qilinayotgan xayrli ishlar bilan tanishdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati