Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi

25 Avgust 2023, 03:08

876

IIV Akademiyasida oliy harbiy ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengashga a’zo o‘quv va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, soha vakillari ishtirok etgan yig‘ilishni Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov olib bordi.

Yig‘ilishda muvofiqlashtiruvchi kengashning 2023/2024 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar, jumladan, ta’lim muassasalarida o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar faoliyati natijadorligini oshirish, tarbiyaviy-mavkuraviy yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish kabi ustuvor vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Shuningdek, kengashning asosiy faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tizimini rivojlantirish strategiyasini izchil amalga oshirish, milliy va xorijiy tajribaning ilg‘or yutuqlari asosida zamonaviy ta’lim dasturlarini amaliyotga joriy qilish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi ishlar samaradorligi oshirish borasida dolzarb vazifalar belgilab olindi.

Shu kunning o‘zida “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalarida kasbiy tayyorgarlikni ta’minlash: tendensiyalar va istiqbollar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ham o‘tkazildi.

Anjumanda Qurolli Kuchlar akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti hamda IIV Akademiyasi vakillari so‘z olib, “Ta’lim jarayonini uyg‘unlashtirishning dolzarb masalalari: aloqa nuqtalari va foydalanilmagan imkoniyatlar”, “Kasbiy faoliyat samaradorligini oshirishning akmeologik usullari”, “Kursantlarning ilmiy salohiyati kasbiy tayyorgarlikning muhim omili sifatida”, “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash”, “O‘zbekiston Respublikasi ofitserlar tayyorlash tizimida oliy ta’lim sifatini ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzularida ma’ruza qilishdi.

Ishchan ruhda o‘tgan konferensiya yakunida turdosh ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikning zamonaviy yondashuvlarini ishlab chiqish, xorijiy sheriklar bilan ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni rivojlantirish, sohadagi talab va ilg‘or xorijiy tajriba tahlili asosida o‘quv reja va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirish hamda ta’lim tizimidagi mavjud boshqa muammolarning yechimlariga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech