O‘zbekiston bayrog‘i hurlik va tinchlik ramzi sifatida qalbimizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Zero, davlat ramzlari har bir mamlakatning milliy suvereniteti va jahon uzra mavjudligini anglatuvchi muqaddas timsoldir.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Muqaddasdir, Vatan bayrog‘i!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli filolog olim Rahimboy Jumaniyozov, shoir Sharofiddin Boltaboyev, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Abdulla Tangriyev hamda o‘quv dargohi professor-o‘qituvchilari va kursantlari jamoasi qatnashdi.
– Yurtimiz bayrog‘i haqida so‘z boshlash ham sharafli, shuning bilan birga, masʼuliyat, – dedi filologiya fanlari nomzodi Rahimboy Jumaniyozov. – Chunki bosh timsolimizda xalqimizning asriy orzu-umidlari, tarixiy xotirasi, buyuk maqsadlari mujassam bo‘lgan. Ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asraganlar. Ona Vatanimizda kindik qoni to‘kilgan har bir vatandoshimiz borki, O‘zbekiston bayrog‘idan g‘ururlanadi, ko‘nglida iftixor tuyg‘ularini tuyadi. Shu ma’noda, muqaddas timsolimizning ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyati beqiyos.
Tadbirda so‘z olganlar davlat bayrog‘imizning yuksak ahamiyati, milliy taraqqiyot yo‘limizdagi ilohiy kuch-qudrati, yurtimiz sha’ni va obro‘-e’tiborini jahon uzra madh etish, uning dovrug‘ini olamga yoyishda beqiyos o‘rni haqida to‘lqinlanib gapirishdi. Ayniqsa xalqaro sport arenalarida bir necha karra zafar quchgan Abdulla Tangriyevning jo‘shqin taassurotlari, Vatan, obodlik, ezgulik va yaratuvchilikni tarannum etgan qo‘shiq va she’rlar tadbir ishtirokchilarida ulkan taassurot qoldirdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati