Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Muammolar muloqotda yuzaga chiqadi

04 Fevral 2025, 08:02

39

Bugungi kunda mahallalar aholiga eng yaqin, xalqchil tuzilmaga aylanib bormoqda. Tizim faoliyatini samarali tashkil etish jinoyatchilikni jilovlashga ham bog‘liq.

Bu borada davlatimiz rahbarining joriy yil 3-yanvardagi qarori dolzarb ahamiyat kasb etdi, albatta. Mazkur qaror bilan mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishning yanada samarali va natijador tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Hozirda qaror ijrosi yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, ayni jarayonda IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari ham faol ishtirok etishmoqda.

Chunonchi, Buxoro viloyatiga biriktirilgan ishchi guruh tomonidan shu kungacha G‘ijduvon, Vobkent, Shofirkon, Romitan, Jondor, Qorovulbozor, Olot va boshqa joylardagi 60 ga yaqin mahalla o‘rganildi. Natijada, jinoyatchilikning asl omillari, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan “jinoyat o‘choq”lari aniqlandi.

Ishchi guruh rahbari, podpolkovnik Sanjar Sharipovning ta’kidlashicha, “mahalla yettiligi” a’zolari, faollar bilan bo‘layotgan uchrashuvlar chog‘ida har bir masala atroflicha muhokama qilinmoqda. Faoliyatni samarali tashkil etish bo‘yicha zarur metodik tavsiyalar berilayapti.

Joylardagi o‘rganishlar huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishi tayin. Zero, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, qaysi mahallada ish to‘g‘ri tashkil etilib, fuqarolar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilsa, o‘sha yerda hamjihatlik hukm suradi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech