Bugun IIV Akademiyasida “Ilm, fan va ta’limda xotin-qizlarning roli” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan anjumanda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olim va ekspertlar, jamiyat hayotida faol mehnat qilayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi. Tadbirni ta’lim muassasasi boshlig‘i Rustam Xatamov ochib, yurtimiz xotin-qizlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatdagi mavqeyini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtaldi.
– Bugun ayollar uchun barcha sohalarda teng huquq va imkoniyatlar yaratilgan. Xotin-qizlarimiz demokratik jarayonlar, xalqchil islohotlarning faol ishtirokchisi va tashabbuskori sifatida jamiyatga kirib kelishmoqda. Shuning o‘ziyoq, bu boradagi davlat siyosati o‘zining izchil samarasini ko‘rsatib, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi, – dedi Akademiya rahbari.
Ilmiy-amaliy anjumanda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova, Senat a’zosi Gulnora Marupova, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent filiali ijrochi direktorining birinchi o‘rinbosari Muhabbatxon Mirsoliyeva, IIV Akademiyasi kafedra boshlig‘i Karine Djavakova, Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti Go‘zalxon Nurmuhammedova, Bojxona instituti dotsenti Munavvar Karimjonova va boshqalar so‘z oldi.
Ishtirokchilar “Xotin-qizlarning ta’limdagi o‘rni va inson kapitali”, “Korrupsiyaga qarshi kurashishda gender masalalari”, “Zamonaviy ilm-fan rivojida xotin-qizlarning roli”, “O‘zbekistonning davlat siyosatini amalga oshirishda xotin-qizlar faolligini oshirish”, “Harbiy ta’limda ayollar rolini oshirishning ayrim masalalari”, “Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida bojxona organlari xotin-qizlarining roli” mavzuida ma’ruzalar tingladilar.
Anjumanda zamonaviy ilm-fan sharoitida olima ayollar oldida turgan ustuvor vazifalar, bu o‘rinda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, xotin-qizlar masalalariga oid huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Dolzarb yo‘nalishdagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Shu kuni Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir guruh faol xotin-qizlar Akademiya rahbariyati tomonidan taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati