IIV Akademiyada o‘tkazilgan ma’naviyat va ma’rifat darsi O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlandi.
O‘quv muassasasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ofitserlar, serjant va safdorlar tarkibi xodimlari ishtirok etgan tadbirda Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Akmal Saidmo‘minov ma’ruza qildi.
E’tirof etilganidek, ona tilimiz xalqimizning bebaho ma’naviy boyligi, milliy g‘ururi timsolidir. Har bir yurtdoshimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni avvalo mustaqillikka, ona Vatanimizga bo‘lgan yuksak ehtirom va sadoqat deb bilishi kerak.
Tadbirda o‘zbek tilini rivojlantirish borasida so‘nggi yillarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, ayniqsa davlatimiz rahbarining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari islohotlarning muhim huquqiy tayanchi bo‘lgani ta’kidlandi.
Ona tilimiz sharaflangan tadbir yakunida Akademiya badiiy havaskorlik jamoasi xonandalari tomonidan milliy mumtoz qo‘shiq va g‘azallar ijro etildi. Kitob yarmarkasining tashkil qilingani xodimlar uchun bayramga munosib tuhfa bo‘ldi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati