Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Milliy o‘zligimiz timsoli

21 Oktyabr 2022, 08:10

1113

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan IIV Akademiyasida o‘tkazilgan tadbirda tilshunos tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va kursantlar ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti dotsenti O‘tkirjon Islomov “Til xalqning borlig‘ini aks ettiruvchi ko‘zgudir”, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kafedra boshlig‘i, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Anvar Kurganov “So‘z – buyuk qadriyat”, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti doktoranti Jaloliddin Yusubov “Tilning yashirin imkoniyatlari”, o‘quv dargohining 3-bosqich kursanti Javohir Vafoyev “Ona tili – millat ruhi, or-nomusi” mavzuida ma’ruza qildi.

– Millatning ravnaqi, avvalo, jamiyatda ona tiliga bo‘lgan e’tibor bilan o‘lchanadi. 1989-yil 21-oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilingani ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini huquqiy jihatdan mustahkamlashda muhim poydevor bo‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida o‘zbek tilining tarixini o‘rganish, nufuzi va ahamiyatini yuksaltirish yo‘lida ko‘p ishlar qilindi. Binobarin, muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram bo‘lsa, uning o‘zligi va ma’naviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va mo‘tabardir, – deydi filologiya fanlari nomzodi, dotsent Abduvahob Xoliqov.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni e’tirof etib, o‘zbek tilining mavqeini yanada yuksaltirish, tilshunoslikka oid ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tishdi. Shu kuni “Ona tili – milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik” mavzusida o‘tkazilgan intellektual bellashuvda faxrli o‘rinlarni egallagan jamoalar diplom bilan taqdirlandi. 

 

IIV Akademiyasining

O‘zbek tili va xorijiy tillar kafedrasi

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech