Poytaxtimizning Olmazor tumanida o‘tkazilgan musobaqada qator vazirlik va tashkilotlar xodimlari, harbiy oliy ta’lim muassasalari kursant yoshlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir jamiyatda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va yoshlarning harbiy vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida o‘tkazildi. Marafon qatnashchilari “G‘alaba bog‘i” hududida “Qoraqamish 4-tor”, “Qoraqamish 2-tor”, “Kichik halqa yo‘li”, “Sag‘bon”, “Oltinsoy”, “Dilsaroy” ko‘chalari orqali finishgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tishdi.
Jismoniy kuch va iroda bahsida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari ham munosib natijalar qayd etishdi. Jamoamiz vakillaridan Hayitboy Odilov va Fayzullo Habibullayev shaxsiy birinchilikda marra chizig‘iga ikkinchi hamda uchinchi o‘rinda yetib keldilar. Yakuni natijalarga ko‘ra, oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rin Qurolli Kuchlar akademiyasiga, ikkinchi o‘rin Ichki ishlar akademiyasiga hamda uchinchi o‘rin Jamoat xavfsizligi universitetiga nasib etdi.
Sport tadbirining g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan kubok, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati