IIV akademiyasida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni”da yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.
Tadbir Mirzo Ulug‘bek va O'rta Chirchiq tumanlaridagi otaliqqa olingan maktablar o‘quvchilari ishtirokida o‘tdi.
Yoshlarni o‘qish va kasb egallashga qiziqtirish maqsadida dastavval akademiyaga sayohat uyushtirildi. Yo‘l-yo‘lakay zamonaviy bino va inshootlarning vazifalari, imkoniyatlari tanishtirildi.
Shundan so‘ng ma’naviyat va ma’rifat maskanida o‘quvchilar uchun ochiq muloqot tashkil qilindi. Unda akademiya vakillari so‘z olib, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagida bo‘lgan yoshlarga tavsiyalar berishdi.
O‘quvchilar akademiyaga kirish tartibi, sinov va imtihonlar xususiyati, yoshlardan talab etiladigan fazilatlar, maskanda yo‘lga qo‘yilgan ta’lim jarayonlari va boshqa qiziq jihatlar haqida ko‘plab ma’lumotlar olishdi.
– Tadbir yoshlarimiz uchun foydali bo‘ldi. Ular maskanda yaratilgan zamonaviy sharoitlarni ko‘rishdi. O‘z maqsadi yo‘lida astoydil ta’lim olayotgan kursantlar bilan suhbat qurishdi. Muhimi, o‘quvchilarimizda ham sharafli kasbga havas uyg‘ondi, – deydi O'rta Chirchiq tumanidagi 23-son umumta’lim maktabi direktori Gulchehra Isroilova.
Uchrashuv yakunida tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilar va ularning ustozlari akademiya boshlig‘i nomidan minnatdorlik xati hamda tashakkurnoma bilan rag‘batlantirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati