25–29-iyul kunlari Samarqandda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimlar ishtirokida “To‘maris izdoshlari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Besh kun davom etgan ko‘rik-tanlov xotin-qizlarning o‘z kasbiga sadoqati, iroda va matonatini sinovdan o‘tkazdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tadbirning ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar musobaqaga kirishdilar.
Hakamlar hay’ati a’zolari “Tanishtiruv”, “Jangovar qurollardan o‘q otish”, “Yaradorni jang maydonidan olib chiqish”, “Estafetali yugurish”, “Dala sharoitida taom tayyorlash”, “Suzish” va boshqa shartlar orqali har bir jamoa a’zolarining kasbiy, jangovar va jismoniy tayyorgarligini baholab borishdi.
Nihoyat, ko‘rik-tanlov yakunida g‘oliblar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, umumjamoa hisobida IIV Akademiyasi vakillari birinchi, Qashqadaryo viloyati vakillari ikkinchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV va Samarqand viloyati IIB vakillari esa uchinchi o‘rin bilan taqdirlandi. Ularga tadbir tashkilotchilarining diplom va qimmatbaho sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati