IIV Akademiyasida oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasining 2021-yil
29-iyundagi qo‘shma qarori ijrosini taʼminlash maqsadida sportning ko‘pkurash turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Akademiya rahbariyati, taʼlim muassasalaridan tashrif buyurgan murabbiylar va kursantlar ishtirok etishdi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘ining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Xusniddin Davranov tadbirni ochar ekan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari orasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ayniqsa ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini samarali tashkil etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
IIV Akademiyasi sport majmuasida o‘tkazilgan sport musobaqasida Qurolli Kuchlar akademiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Bojxona instituti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti hamda mezbon jamoa vakillari sportning 100 metr va 3000 metr masofaga yugurish, suzish hamda Makarov pistoletidan o‘q otish bahslarida o‘zaro bellashdilar.
Murosasiz o‘tgan bahslarning 100 metr masofaga yugurish turida Jamoat xavfsizligi universiteti kursanti Dostonbek Inomjonovga teng keladigan topilmagan bo‘lsa, 3000 metr masofaga yugurishda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursanti Akmal Salayev birinchi bo‘lib marraga yetib keldi. Musobaqaning 100 metr masofaga suzish turida esa g‘oliblik Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining yana bir vakili kursanti Nodirbek Mo‘minovga nasib etdi. Makarov pistoletidan o‘q otish bahsida ishtirokchilar merganliklarini namoyish etib, g‘oliblik uchun birdek harakat qildilar. Ushbu turning natijalariga ko‘ra merganlikda eng ko‘p ochko to‘plagan Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti Shahzod Yo‘ldoshev merganlikda tengsiz ekanini namoyish etdi.
Umumiy natijalarga ko‘ra umumjamoa hisobida 3-o‘rin Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasiga (1 ta oltin va 1 ta kumush medal), 2-o‘rin Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti jamoasiga (1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal), 1-o‘rin Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi jamoasiga (2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medal) nasib etdi.
Musobaqa yakunida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘ining g‘oliblarni taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan g‘oliblarga “Diplom”, “Kubok” va qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati