Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

“Ma’rifat ulashib” tadbirlari mazmunli o‘tdi

18 May 2024, 07:05

692

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi umumta’lim maktablarida taniqli adib va adabiyotshunoslar ishtirokida uchrashuvlar tashkil qilindi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tashabbusi bilan 205-sonli maktabda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari Axtamqul Karim, Nurboy Jabbor so‘z olib, adabiyot va yoshlar tarbiyasi masalasiga to‘xtaldilar. O‘quvchilarga kitob o‘qishning ma’naviy zarurati, yosh avlod mafkurasiga turli tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitdagi dolzarb ahamiyati haqida tushuncha berildi. Ijodkorlar o‘z ijod namunalaridan yod aytdilar.

“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasidagi tadbir 286-sonli maktabda ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Uchrashuvda barakali ijodi bilan milliy adabiyotimizda salmoqli o‘rin egallagan atoqli shoirlarimizning hayoti va ijodi yodga olindi. Ularning xotirasini abadiylashtirish maqsadida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan xayrli ishlar e’tirof etildi.

– Har birimiz oilada tarbiya olamiz, biroq kitob tufayli komillikka yetamiz, – dedi filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabbor. – Kitobga mehr qo‘ygan inson qalbida faqat ezgulik bo‘ladi. Hayotda munosib o‘rin topishimizda ham kitobning o‘rni beqiyos.

Akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirokida tumanning 222-sonli maktabida bo‘lib o‘tgan yana bir tadbir O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov she’riyatiga bag‘ishlandi. Adabiy kechada filologiya fanlari nomzodi, dotsent Abduvahob Xoliqov so‘z olib, insoniy tuyg‘ularni ulug‘lagan shoirning hayoti, serqirra faoliyati, betakror ijodining o‘ziga xosligi haqida so‘z yuritdi. Muloqot chog‘ida o‘quvchilar o‘zlari qiziqqan savollarga javob olishdi.

Yoshlarni yuksak ma’naviyatli, fidoyi va vatanparvar inson etib tarbiyalashga qaratilgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi davom etmoqda.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech