Inson qadri ulug‘langan yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro davlatimizning e’tibor va g‘amxo‘rligidan chetda qolmayapti.
IIV Akademiyasi rahbariyati tashabbusi bilan ichki ishlar organlarida xizmat qilgan marhum xodimlarning yaqinlari holidan xabar olindi. Mehr-muruvvatga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda sobiq kasbdoshlarning umr yo‘li, yaxshi amal va fazilatlari, xizmatda erishgan yutuqlari xotirlandi.
Akademiya boshlig‘i boquvchini yo‘qotgan Husnida Nishonboyevaga hamdardlik bildirib, ichki ishlar organlari safini erta tark etgan xodimlarning xotirasi hamisha barhayot ekanini, ularning yaqinlari, farzandlariga ko‘mak berish insoniy burchligini ta’kidladi. Suhbat chog‘ida marhum Farhodjon Shukurovning xizmat faoliyati yodga olindi, xonadon egalariga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Shu kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Qorasuv 2” dahasida istiqomat qilayotgan Shahnoza Nurmatovaning xonadoni ham fayzga to‘ldi. Akademiya vakillari marhum Ahmadjon Otamurodovni xotirlab, uning turmush o‘rtog‘i va qizi Shahrizodaxondan ko‘ngil so‘rashdi. Bayram tilaklari bildirilib, tuhfalar topshirildi.
Aytish joizki, eng ulug‘, eng aziz deya qadrlanadigan Mustaqillik bayrami munosabati bilan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli tadbirlar milliy o‘ziligimizga xos mehr-muruvvat, saxovat, bag‘rikenglik kabi fazilatlarni yaqqol namoyon etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati