Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Toshkent viloyatidagi akademik litsey o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Tadbir yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, ularni kelajak maqsadlari sari yo‘naltirish, ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashga qaratilgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil qilindi.
Shu kuni o‘quvchilar zamonaviy o‘quv binolari, axborot-resurs markazi, saf maydoni va sport majmuasining imkoniyatlari, kursantlarning yashash sharoitlari, yoshlar bilan maqsadli ishlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, iqtidorli kursantlar erishayotgan yutuqlarga guvoh bo‘lishdi.
Tanishuvdan so‘ng ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘quvchilar va Toshkent viloyatidan jamlangan kursantlar o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda katta avlod vakillari so‘zga chiqib, akademiyada o‘qish istagida bo‘lgan o‘quvchilarga zarur tavsiyalar berdilar. Ichki ishlar organlarida xizmat qilish sharafli kasb ekanligi, bu maqsadga erishish uchun yuqori bilim cho‘qqilarini egallash, xorijiy tillarni mukammal o‘rganish, ma’nan va jismonan yetuk bo‘lish kerakligi aytib o‘tildi.
Uchrashuvda o‘quvchi yoshlar ham o‘z taassurotlari, kelajak orzulari haqida so‘zlab berishdi. Tadbir yakunida faol kursantlarga akademik litsey tomonidan nashr ettirilgan “Vatanparvarlik asoslari” o‘quv qo‘llanmasi tuhfa qilindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati