Qishning o‘zgacha ziynati, injiqliklari bor. O‘tgan seryog‘in va izg‘irinli kunlar yurtdoshlarimiz uchun turli noqulayliklar keltirib chiqarganiga guvoh bo‘ldik.
Poytaxtimizning boshqa hududlari qatori, Mirzo Ulug‘bek tumanida ham yo‘llarni qor uyumlari va muzlardan tozalash ishlari jadal sur’atda olib borilmoqda.
Obodonlashtirish xodimlariga ko‘mak berish maqsadida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tomonidan tashabbuskor yoshlar guruhi tashkil qilindi. Faol yoshlarning sa’y-harakati bilan tumanning “Avayxon”, “Alisher Navoiy”, “Sultoniya”, “Shahrobod”, “Beshkapa” mahallalarida asosiy yo‘llar yoqalari, ko‘p qavatli uylarning kirish-chiqish yo‘laklari, bolalar o‘yingohlari, savdo majmualari va boshqa aholi gavjum maskanlar muz qoplamalardan tozalanmoqda.
IIV Akademiyasi tomonidan hududlarga biriktirilgan mas’ullarning aytishicha, havo haroratining pastligi tufayli obodonlashtirish ishlari ikki smenada tashkil qilingan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar tuman ahli, ayniqsa yoshi ulug‘ keksalarni juda mamnun etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati