Yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, eng avvalo, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga qaratilgan. Binobarin, ma’muriy-huquqiy islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham odamlarni rozi qilish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashdir.
IIV Akademiyasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan ma’muriy-huquqiy islohotlarning natija va istiqbollariga bag‘ishlandi.
Ta’lim muassasasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor, polkovnik Muzaffar Ziyodullayev so‘z olib, so‘nggi yillarda ichki ishlar organlarining xalqchilligini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi.
Anjuman doirasida “Ichki ishlar organlari tizimidagi ma’muriy-huquqiy islohotlar – inson qadri uchun”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar: natija va istiqbollar”, “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi ma’muriy-huquqiy islohotlar”, “Patrul-post xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishning ahamiyati”, “Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish mexanizmini optimallashtirish” singari mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ichki ishlar vazirligi, Sudyalar oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali, Bojxona instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari ishtirok etgan ilmiy-amaliy anjumanda qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati