7-8-may kunlari Buxoro shahridagi Olimpiya zaxiralari kollejida taekvonda ITF bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Sportni rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston taekvondo ITF milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada ming nafarga yaqin sportchi shaxsiy massogi, jamoaviy massogi va shaxsiy tul yo‘nalishlarida o‘zaro bellashdi.
Ikki kun davom etgan murosasiz bahslar kuchli sportchilarni saralab berdi. Quvonarlisi, mamlakat birinchiligida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari ham ikkita medalni qo‘lga kiritdilar. Umidli sportchimiz Sherzod Murodullayev shaxsiy tul yo‘nalishi bo‘yicha (+92 kg) kumush medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Malika O‘rmonova o‘z vazn (47 kg) toifasida yettinchi marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
Musobaqa yakunida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar tantanali ravishda taqdirlandi. Qolaversa, joriy yilning avgust-sentyabr oylari AQSh va Italiyada bo‘lib o‘tadigan nufuzli musobaqalarda ishtirok etuvchi nomzodlar saralab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati