Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Sultoniya” va “Alisherobod” MFYlari fuqarolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda shu hududda ish o‘rganish va malakaviy amaliyot o‘tayotgan kursantlar tomonidan “mahalla yettiligi” tizimining imkoniyatlari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar aholi bilan manzilli ishlashni kuchaytirish maqsadida tatbiq qilingan yangi mexanizmning imkoniyatlariga to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek, huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar tashkil etish, oila-turmush doirasidagi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda “Yettilik” vakillarining hamkorlikda ishlashi aholi muammolarini hal etishda, mahallalarni obod va xavfsiz hududga aylantirishda mustahkam kuch bo‘lishi taʼkidlandi.
O‘zaro muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda mahallalarning kriminogen vaziyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan omillarga ham eʼtibor qaratilib, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi murosasizlik muhitini qaror toptirish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati