Davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish borasidagi qarori hududlarga izchil tatbiq qilinmoqda.
IIV akademiyasi rahbari Rustam Xatamov mazkur qaror asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar bilan tanishish maqsadida Xorazm viloyatida bo‘ldi.
Joylardagi uchrashuvlarda mahallalarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar atroflicha muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari qaroridan kelib chiqadigan muhim vazifalar, amaliyotga joriy qilinayotgan yangicha mexanizmlar tushuntirib o‘tildi.
Aytish joizki, shu kunlarda akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan viloyatning “qizil”, “sariq” toifadagi mahallalarida o‘rganishlar olib borilmoqda. Ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Hududlarni o‘rganish jarayonida akademiya boshlig‘i ayni yo‘nalishda bajarilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Ishchi guruh a’zolari va mas’ullar bilan muloqot qilib, huqubuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikni jilovlashda “mahalla yettiligi”ga metodik yordam ko‘rsatish, birgalikda tizim samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Bu boradagi ishlarni jonlantirish maqsadida mahalla faollariga IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan “Mahallada kriminogen vaziyatni baholashning yangi tizimi” va “Kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar bilan yangicha ishlash mexanizmlari” nomli metodik qo‘llanma hamda materiallar tarqatildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz qarori asosida bugun hududlarga yangicha tajriba kirib bormoqda. Kriminogen vaziyat bilan bog‘liq muammolar esa joyida, qo‘yi bo‘g‘inning o‘zida hal qilinmoqda. Bu ham jinoyatchilikni barvaqt jilovlashga xizmat qiladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati