Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

“Mahalla yettiligi” vakillari bilan muloqot

04 Oktyabr 2024, 07:10

294

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida namunali mahallalar ko‘p. Shulardan biri o‘n mingga yaqin aholisi bor “Sobirobod” mahallasidir.

Keyingi yillar mahallada keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Hududlar obodonlashtirilib, yangicha qiyofa kasb etdi. Aholi bilan faol va manzilli muloqot yo‘lga qo‘yildi. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda ijobiy natijalarga erishildi. Albatta, bu o‘zgarishlarda “mahalla yettiligi” tizimi a’zolarining ham hissasi bor.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida mazkur mahalla vakillari, tuman IIOFMB mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar va kursantlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirni akademiya boshlig‘i yordamchisi, polkovnik Ismoil Himmatov ochib, mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi. Hududlarda yo‘lga qo‘yilgan ijobiy tajribalarni o‘rganish, jinoyatchilikni jilovlashda “mahalla yettiligi”ga metodik yordam ko‘rsatish, sohadagi islohotlar bilan kursant yoshlarni tanishtirish tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ekanligi aytib o‘tildi.

Davra suhbatida “Sobirobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi N. Abdurahimov, IIOFMB boshlig‘i, polkovnik A. Shermuhamedov, “mahalla yettiligi” vakillari so‘zga chiqib, aholini qiynayotgan muammolarni hal qilish, xotin-qizlar va yoshlar qatlami bilan ishlash, mahallani ishsizlik, jinoyatchilik, oilaviy ajrimlardan xoli hududga aylantirish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish yuzasidan olib borilayotgan keng qamrovli ishlarga to‘xtalishdi.

Shuningdek, tadbirda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan keng qavrovli profilaktik ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Bu borada samarali tizimning yo‘lga qo‘yilgani aholi, ayniqsa yoshlarni turli salbiy illatlardan asrashda, jinoyatchilikni jilovlashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Ochiq muloqot davomida kursantlar “mahalla yettiligi”ning faoliyati, tizim vakillari zimmasidagi asosiy vazifalar, raqamli mahalla platformasi, aholi bilan manzilli ishlashda e’tibor qaratiladigan muhim jihatlar xususida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech