IIV akademiyasida poytaxt mahallalarida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlar uchun tashkil qilingan tadbirda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Ikrom Tillayev hamda Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Davron Ahmedov ishtirok etdi.
Soha vakillari mahallalarning kriminogen vaziyati, hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, jamoat xavfsizligi va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda “mahalla yettiligi” tizimi a’zolarining vazifalariga to‘xtalib o‘tishdi.
Shuningdek, hududlarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar tahlil qilinib, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish hamda boshqa muhim yo‘nalishlarda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Davra suhbatida akademiya boshlig‘i yordamchisi Ismoil Himmatov, Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati kafedrasi boshlig‘i Sanjar Sharipov va boshqalar so‘z olib, kursantlarga zarur tavsiyalar berishdi. Faol yoshlar Toshkent shahar IIBB tomonidan kitoblar bilan rag‘batlantirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati