Ichki ishlar vazirligi akademiyasida poytaxtimizning Chilonzor tumani “Xirmontepa” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan “beshlik” vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda so‘z olganlar mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektoridan iborat yangi tizimning ijobiy jihatlari, aholi masalalarini o‘rganish, muammolarga manzilli yondashish, xususan, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda erishilayotgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Qizg‘in muloqotda kursantlar hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan asosiy yo‘nalishlar, mavjud ayrim muammolar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Soha vakillari va professor-o‘qituvchilar tomonidan yoshlarga zarur tavsiyalar berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati