IIV Akademiyasi magistraturasida yakuniy davlat attestatsiyasi boshlandi. Dastlab shu munosabat bilan yig‘ilish o‘tkazilib, kun tartibidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi mas’ullari, Ichki ishlar vazirligi tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari, tinglovchilar ishtirok etgan yig‘ilishni Akademiya rahbari Rustam Xatamov olib bordi.
Ta’kidlanganidek, magistraturada o‘quv jarayoni modulli tizim asosida amalga oshirilib, bunda asosiy e’tibor ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlarini boshqarishga qodir universal rahbar kadrlarni tayyorlashga qaratildi. Mashg‘ulotlar davlat hokimiyati va boshqaruv organlari vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutasaddilari, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, shuningdek respublikamizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda Akademiyaning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan ilg‘or yondashuvlar asosida olib borildi. Har bir o‘quv moduli yakuni bo‘yicha tinglovchilar Ichki ishlar vazirligining tarkibiy va hududiy bo‘linmalariga malakaviy amaliyotga jalb qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil qilinib, magistrlarning zamonaviy boshqaruv va yetakchilikka oid ko‘nikmalari mustahkamlandi. O‘quv yili yakunida esa “tashkiliy-strategik boshqaruv” va “tashkiliy-taktik boshqaruv” yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan 52 nafar tinglovchi uchun Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya hamda Birlashgan Arab Amirliklari davlatlarida malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Yig‘ilishda tinglovchilar bilan ta’limning ilg‘or mexanizmlari asosida amalga oshirilgan o‘quv jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligining yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha qabul qilingan buyrug‘i e’lon qilinib, komissiya a’zolari hamda bitiruvchilarga qo‘yilgan talablar yetkazildi. So‘zga chiqqanlar ichki ishlar organlarining tubdan isloh qilingani natijasida boshqaruv kadrlariga talab ortib borayotgani, tizimni xalqchil tuzilma sifatida shakllantirish xodimlarning strategik yondashuvga asoslangan rahbarlik mahorati, yetuk salohiyati, kasbiy fazilatlari hamda faoliyatni yangicha mezonlar asosida tashkil etishiga bog‘lik ekanini ta’kidlab o‘tdilar.
Shu kuni yakuniy davlat attestatsiyasi doirasida tinglovchilardan dastlabki imtihonlar qabul qilindi. Imtihon va magistrlik dissertatsiyasi himoyalari 26-iyulga qadar davom etadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati