Ichki ishlar vazirligi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilinganining o‘ttiz yilligi munosib qarshi olindi.
“Shuhrating porlasin toki bor jahon” shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi, san’at arbobi Rustam Abdullayev, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Mirzo Karim, O‘zbekiston jit kun do federatsiyasi raisi Timur Mamajonov, shuningdek ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va kursantlari ishtirok etdi.
E’tirof etilganidek, 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan madhiyamiz davlat suverenitetining ramzidir. Davlat madhiyasining huquqiy maqomini belgilovchi qonunda yurtimiz fuqarolari va mamlakatimizda yashab turgan barcha shaxslar madhiyaga yuksak hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi qat’iy mustahkamlab qo‘yilgan.
Musiqashunos olim Rustam Abdullayev davlat madhiyamizning yaratilish tarixi haqida gapirib, shunday dedi: “O‘sha davrlar davlatimiz milliy ramzlari qatori, madhiyamizning so‘zi va musiqasini yaratish ustida ham ko‘p izlanishlar olib borildi. Madhiya uchun e’lon qilingan tanlov yakuniga ko‘ra, Abdulla Oripov she’ri va Mutavakkil Burhonov musiqasi tanlab olindi. Bugun shonli sanaga o‘ttiz yil to‘ldi. Oradan yillar o‘tadi, ammo O‘zbekiston madhiyasi yuksak g‘urur va iftixor ramzi sifatida asrlar osha barhayot yangrayveradi”.
– Har tongni madhiyamiz sadolari bilan qarshi olamiz, – deydi Akademiya kunduzgi ta’limining 2-bosqich kursanti Donoxon Olimova. – Vatan uchun xizmat qilishni maqsad qilgan har bir o‘g‘il-qiz uchun bu juda muhim tarbiyaviy vosita. Chunki madhiyani jo‘r bo‘lib kuylaganda qalbimizda mardlik, sadoqat va shijoat tuyg‘ulari jo‘sh uradi, yangilanayotgan O‘zbekistonimizning porloq kelajagiga qat’iy ishonch paydo bo‘ladi.
Tadbirda madhiyamizda tarannum etilgan umuminsoniy tuyg‘ular, mamlakatimizning jahondagi obro‘-e’tibori va qudratini yanada yuksaltirishda uning beqiyos o‘rni haqida muholazalar bildirildi. Xalqaro arenalarda zafar quchayotgan sportchilarning chiqishi barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati