9-yanvar kuni poytaxtimizning “Xalqlar do‘stligi” maydonida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining o‘ttiz yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan marafon musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Triatlon federatsiyasi tashabbusi bilan “Men g‘olib” shiori ostida tashkil etildi.
Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari, IIV Akademiyasi, FVV Akademiyasi, DXX Akademiyasi, Qurolli Kuchlar Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti va Bojxona institutidan kursant yoshlar, shuningdek havaskor sportchilardan iborat 500 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Marafonchilar “Xalqlar do‘stligi” saroyi maydonidan start olib, “Furqat”, “Beshyog‘och”, “Islom Karimov”, “Amir Temur” ko‘chalari hamda Amir Temur xiyobonining aylanma yo‘li bo‘ylab 10 kilometr masofani bosib o‘tishdi. Musobaqa yakuniga ko‘ra Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlar Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi jamoalariga nasib qildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati