Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Yosh kitobxon” respublika tanlovining birinchi bosqichi o‘tkazildi.
Unda kursant yoshlar ilmiy-ommabop, o‘zbek va jahon adabiyotiga hamda buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga oid 25 ta test savolga javob berishdi. Har bir to‘g‘ri javob 4 balldan baholandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, kunduzgi ta’lim birinchi bosqich kursanti Kamronbek Ismoilov hamda uchinchi bosqich kursanti Husniya Umurzoqova tinlovning ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Aytish joizki, tanlov uch yosh toifasi bo‘yicha besh bosqichda tashkil etilib, unda 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar qatnashishlari mumkin. Qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish tanlovning asosiy maqsadidir.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati