Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Kursantlar tantanali qasamyod qildi

01 Sentyabr 2023, 10:09

1494

Yurtimiz mustaqilligining oʻttiz ikki yilligi nishonlanayotgan shukuhli kunda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari ona Vatanimiz va xalqimizga sodiq boʻlishga qasamyod qildilar.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov, soha xizmatlarining rahbarlari, shuningdek Oliy Majlis Senati, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddilari, turdosh oliy taʼlim muassasalari vakillari, professor-oʻqituvchilar, faxriylar hamda kursantlarning ota-onalari ishtirok etdilar.

Bayram shukuhi ila oʻtgan tantanada IIV Akademiyasi boshligʻi polkovnik Rustam Xatamov ishtirokchilarni hamda mehmonlarni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yilligi bilan qizgʻin qutladi. Shundan soʻng professional ichki ishlar organi xodimi boʻlish maqsadida oʻquv dargohiga qadam qoʻygan kursantlar buyuk ajdodlarimizning munosib vorisi sifatida ona Vatanimiz va xalqimizning chin maʼnodagi himoyachisi boʻlishga qasamyod qildilar.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov soʻz olar ekan, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor jihatlariga toʻxtaldi.

Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashning sifat jihatdan yangi tizimi joriy etilgan. Akademiyada oʻqitishning interfaol metodlari, jumladan, oʻquv tezkor-tergov guruhlari faoliyati, hududiy ichki ishlar organlari bilan birgalikda onlayn va bazaviy amaliyot mashgʻulotlari, sayyor sud majlislarini oʻtkazish, rivojlangan xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrganish kabi ilgʻor mexanizmlar amalga kiritilgan.

Taʼlimga oʻqitishning ilgʻor yutuqlarini tatbiq etilishi yagona maqsadga, yaʼni tizimni zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, har qanday xavf-xatarga qarshi matonat bilan kurashishga tayyor, islohotlar talabiga mos xalqparvar kadrlar bilan taʼminlashga qaratilgandir.

Oʻz navbatida, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmita raisi Qutbiddin Burxonov kursantlarni qutlab, Yangi Oʻzbekistonning ertangi istiqboli yosh avlod qoʻlida ekanligini, yoshlar zimmalaridagi burch hamda masʼuliyatni munosib oqlab, Vatanimiz ravnaqi va farovonligi uchun sidqidildan bilim olishlari zarurligini taʼkidladi.

Tadbirda oʻqishdagi yutuqlari bilan tengdoshlariga namuna boʻlayotgan bir guruh iqtidorli kursantlar ichki ishlar vaziri hamda “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi stipendiyalarga sazovor boʻldilar.

Jarayonda kursantlar va ota-onalar soʻzga chiqib, davlatimiz tomonidan yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ularning kelajak maqsadi va istiqboli yoʻlida yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlarni eʼtirof etishdi. Ona Vatanimizni madh etuvchi qoʻshiqlar tadbirga bayramona fayz bagʻishladi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech