IIV Akademiyasida kursantlar ilmiy jamiyati faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani munosabati bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda o‘quv muassasasi boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Ruftullo Nigmatov so‘z olib, ilmiy jamiyatning maqsad va vazifalariga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda iqtidorli yoshlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Kursant yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb qilish, ularning ijodiy qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qo‘llagan holda ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, mazkur yo‘nalishda kadrlar zaxirasini yaratish yangi tashkil qilingan ilmiy jamiyatning asosiy vazifasidir. Tuzilma jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi va faol iqtidorli yoshlarni o‘z atrofiga birlashtiradi.
Yig‘ilishda ilmiy jamiyatning joriy o‘quv yiliga mo‘ljallangan chora-tadbirlari, ularni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi. A’zolar orasidan kengash raisi, uning o‘rinbosarlari va kotib saylandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati