Yurtimizda yoshlar bilan ishlashning samarali tizimi yaratilgan. Sohadagi ulkan islohotlar ularning zamon talablari darajasida ta’lim olishi va hayotda munosib o‘rin egallashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ichki ishlar organlarini professional kadrlar bilan ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar e’tirofi bilan boshlandi. Tadbirda sohaviy xizmatlar rahbarlari, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, kunduzgi ta’limning 1 va 2-o‘quv kursida tahsil olayotgan kursantlar va ularning ota-onalari qatnashdi.
Uchrashuvda so‘z olganlar yoshlarga oid davlat siyosati natijasida Akademiyada zamonaviy ta’limning ilg‘or yondashuvlari tatbiq qilinib, kursantlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab o‘tishdi. O‘quv tanishuv va ish o‘rganish amaliyotiga kelgan kursantlar sohaning barcha sir-asrorlarini puxta o‘rganishlari, kelgusida yetuk malakali xodim sifatida xizmatni davom ettirishlari kerakligi aytildi. Shuningdek amaliyot davrida xizmat intizomiga qat’iy rioya qilish bo‘yicha qabul qilingan tegishli me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati yetkazildi.
Tadbir so‘nggida bir guruh faol va tashabbuskor kursant yoshlarning ota-onalariga Akademiya boshlig‘ining minnatdorlik xatlari topshirildi. Shu kunning o‘zida kursantlar o‘quv tanishuv va ish o‘rganish amaliyotiga kirishdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati