Yosh avlodning zamonaviy ilm-fan cho‘qqilarini egallashi, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Buni his qilgan yoshlarimiz xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan turli tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishmoqda.
Yaqinda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Ural yuridik instituti tomonidan “Ma’muriy qonunchilikni amalga oshirishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining faoliyati” mavzuida xalqaro tanlov tashkil etildi. Unda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Ichki ishlar vazirliklari tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalari kursantlari onlayn formatda qatnashdi.
Tanlov doirasida ishtirokchilardan ellikka yaqin ilmiy maqolalar qabul qilindi va yakunda eng yaxshi 3 ta tadqiqot ishi saralab olindi. Quvonarlisi, tanlov hay’ati e’tirofiga sazovor bo‘lgan mualliflar orasida IIV Akademiyasi kursanti Amir Umarov ham bor. Uning “Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ma’muriy ishlarni yuritishda dolzarb muammolar” mavzuidagi ilmiy maqolasi faxrli birinchi o‘ringa munosib ko‘rilib, diplom bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, ta’limdagi keng qamrovli islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar ana shunday iqtidorli kursantlarimiz safining kengayishiga xizmat qilmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati