Kecha poytaxtimizdagi “Humo Arena” maydonida “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Yengil atletika federatsiyasi, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida tashkil etildi.
Ochilish marosimida “Yangi nafas” yugurish musobaqalari sog‘lom turmush tarzi va vatanparvarlikni targ‘ib etuvchi ommaviy sport harakatiga aylanib borayotgani e’tirof etildi.
Shundan so‘ng musobaqaga start berildi. Dasturga ko‘ra, marafonchilar 3 va 10 kilometrlik masofaga yugurdilar. Havaskor va mahoratli sportchilar, poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining 3 mingga yaqin talaba yoshlari, qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va turkmanistonlik 400 nafarga yaqin sportchi, jami 7 mingdan ziyod ishtirokchini birlashtirgan musobaqa ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Tadbir so‘nggida sovrindorlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha taqdirlandi. Quvonarlisi, 3 kilometrga yugurishda IIV Akademiyasi kursantlaridan Iroda Bekmirzayeva, Muyassar Kushmurodova hamda Mehrangiz Narzullayeva turdosh oliy ta’lim muassasalari kursant qizlari o‘rtasida shohsupaning uchchala o‘rnini egallashga muvaffaq bo‘lishdi. Bundan tashqari, musobaqaning barcha ishtirokchi xotin-qizlari orasida uchinchi o‘rin ham Iroda Bekmirzayevaga nasib etdi.
Marafon g‘oliblariga tashkilotchilarning pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati