Xotin-qizlar bayrami arafasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’lim olayotgan kursant qizlar uchun tadbir uyushtirildi.
Tadbirda inson qadri ulug‘langan yurtimizda yosh avlod vakillari uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, ayniqsa qizlarni ta’limga yo‘naltirish, ularning orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarish maqsadida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar e’tirof etildi.
Akademiya rahbari kursantlarni bayram munosabati bilan muborakbod etib, o‘quv dargohida ularning zamonaviy talablar darajasida bilim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini alohida ta’kidladi.
– Buyuk donishmandlarning “bitta qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz”, degan purma’no hikmati bor. Biz unib-o‘sib kelayotgan kursantlarimizni o‘z kasbiga sadoqatli, vatanparvarvar inson etib tarbiyalasak, ularni hayotga, oilaga munosib tayyorlasak, o‘ylaymanki, jamiyatimiz ertasi uchun katta poydevor qo‘ygan bo‘lamiz, – dedi akademiya boshlig‘i.
Bayramona tadbirda o‘qishdagi yutuqlari bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan kursantlar tantanali ruhda taqdirlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati