Ichki ishlar vazirligi akademiyasining Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasi qoshida sportning ko‘plab turlari qatori sambo to‘garagi ham tashkil qilingan.
Mahoratli murabbiy Dilshod Choriyev rahbarlik qilayotgan to‘garakda o‘ttiz nafarga yaqin kursant sambo va jangovar sambo bilan muntazam shug‘ullanadi. Ta’lim maskanida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar iqtidorli yoshlar safining ko‘payishi bilan bir qatorda, respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarga keng yo‘l ochmoqda.
15 may kuni Akademiya sport majmuasida sambo bo‘yicha musobaqa tashkil qilindi. Davlatimiz rahbarining besh muhim tashabbusi doirasida o‘tkazilgan bellashuvda kunduzgi ta’lim o‘quv kurslaridan 100 nafarga yaqin mahoratli kursant sovrinli o‘rinlar uchun maydonga tushdi.
Murosasiz kurashlarga boy o‘tgan musobaqa turli vazn bo‘yicha kuchlilarni saralab berdi. Jumladan, 57 kg vazn toifasida J.Muxtorjonov, 64 kg vazn toifasida N.Karimov, 71 kg vazn toifasida A.Islomov, 79 kg vazn toifasida N.Nurmurodov, 88 kg va undan yuqori vazn toifasida esa P.Vafoqulov hamda A.Ismatovlar birinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan bellashuvlar sportchilarni kelgusi musobaqalarga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati