Navro‘z ayyomi kunlari turli sport musobaqalarini o‘tkazish qadimiy an’analarimizdan sanaladi. Bu orqali mehr-oqibat, totuvlik va hamjihatlik tarunnum etilgan.
Bayram arafasida IIV Akademiyasida ko‘pkurash musobaqasi uyushtirildi. Unda barcha tarkibiy tuzilmalarda xizmat qilayotgan xodimlar hamda magistratura tinglovchilari tosh ko‘tarish, armrestling, yugurish va arqon tortish bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Musobaqa qiziqarli kurashlar ostida o‘tdi. Ishtirokchilar epchillik, mahorat va jismoniy tayyorgarlik bobida o‘zlarini namoyon etishdi. Bellashuv yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha eng kuchlilar saralab olindi.
Jumladan, tosh ko‘tarish bo‘yicha Harbiy tayyorgarlik kafedrasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Sergey Petryanin g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, arqon tortish musobaqasida Qo‘riqlash otryadi jamoasi tengsiz bo‘ldi. Armrestling bahslarida Ichki ishlar organlarining ma’muriy faoliyati kafedrasi o‘qituvchisi, leytenant Hojiakbar Abduxalilov, Magistratura tinglovchisi, mayor Bobur Boymuratov, Orkestr katta musiqachisi, safdor Sherzod Artikbayev o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratishdi.
Musobaqaning uch ming metrga yugurish bahslarida esa g‘oliblik turli yosh toifalari bo‘yicha aniqlandi. Unga ko‘ra, Saf qismi otryad komandiri, katta leytenant Sarvar Rahimov, Orkestr katta musiqachisi, safdor Nariman Baydauletov, Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi yetakchi ilmiy xodimi, kapitan Fazliddin Aripov, Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati kafedrasi o‘qituvchisi, mayor Farrux G‘aniyev, Qo‘riqlash otryadi xodimi, kichik serjant Akil Imamkulovlar eng yaxshi natijani qayd etishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati