Jamiyat uchun eng xatarli illatlardan biri korrupsiyadir. U qonun ustuvorligi va adolatning izdan chiqishi, davlat organlariga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib keladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Korrupsiya – jamiyat hayoti va taraqqiyotga tahdid” mavzuiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda vazirlik Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi vakillari, Sirtqi ta’lim fakulteti professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar korrupsiyaviy holatlar tufayli yuzaga keladigan tahdidlar, jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlash, ayniqsa inson huquqlari va erkinlarini ta’minlashda ushbu illatning ta’siri, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish omillari xususida to‘xtaldilar.
Keyingi yillarda barcha sohalar qatori ichki ishlar organlari tizimida ham korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, ushbu illatga tag-tomiri bilan barham berish ustuvor maqsadlardan ekanligi aytib o‘tildi.
Tadbirda Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish qilindi. Tinglovchilar nafaqat bugun, balki kelgusida ham har qanday sharoitda bo‘lmasin, bunday jinoyatlardan ogoh bo‘lishlari, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashishlari kerakligi qat’iy ta’kidlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati