Ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish muhitini shakllantirish maqsadida qisqa muddatli o‘quv-seminar tashkil etildi. Mashg‘ulotlar IIV Akademiyasida o‘tkazilmoqda.
O‘quv-seminarga Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahri va viloyati IIBB, viloyatlar IIBlaridan jami 34 nafar xodim jalb qilingan.
Uch kun davomida korrupsiyaga qarshi kurashishning milliy va xalqaro huquqiy asoslari, korrupsiyaning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlari, ichki ishlar organlari xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jamiyatda “halollik vaksinasi”ni joriy etish, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash, komplaens nazoratning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan mavzularda mashg‘ulot o‘tkaziladi.
Mashg‘ulotlar Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimlari tomonidan zamonaviy interfaol yondashuvlar asosida olib boriladi. O‘quv-seminar yakunida sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga sertifikat beriladi.
Motivatsion xususiyatga ega bunday o‘quv kurslari ichki ishlar organlarida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlarning barvaqt oldini olish, tizim xodimlarining ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati