IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri ta’limda korrupsiya illatiga barham berish masalasiga bag‘ishlandi.
Akademiya kunduzgi ta’limining 2-bosqich kursantlari ishtirok etgan tadbirda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar haqida so‘z bordi. Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor vakili, podpolkovnik O. Bozorov so‘zga chiqib, ushbu illatga qarshi kurashish barchaning fuqarolik burchi ekanligini alohida ta’kidladi.
– Korrupsiya jamiyatning eng xavfli dushmani, – dedi u. – Ta’lim tizimida ta’magirlik, poraxo‘rlik, tanish-bilishchilikning paydo bo‘lishi mamlakat taqdirini xatarga qo‘yadi. Afsuski, oramizda “ishim bitdi, qolgani menga nima” qabilida fikr yuritib, o‘z manfaatini ustun qo‘yadigan loqayd kimsalar ham yo‘q emas. Ba’zida imtihon jarayoniga noqonuniy aralashuvlarga ham duch kelamiz. Bundan holatlarga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. Shuni anglashimiz kerakki, har birimiz korrupsiya balosiga qarshi ongli ravishda kurashmas ekanmiz, ko‘zlagan maqsadimizga erisholmaymiz.
Tadbirda korrupsiyaning ko‘rinmas tahdid va oqibatlari tushuntirib o‘tildi. Ichki ishlar organlarida yosh xodimlar tomonidan sodir etilayotgan bu kabi jinoyatlar tahlil qilindi. Kursantlar yurtga daxldor, vatanparvar, ogoh va hushyor bo‘lishga chaqirildi. Ayni mavzuga daxldor “Nafsning so‘nggi manzili” filmi namoyish etildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati