Xalqimiz “Odamning olasi ichida” deya bekorga aytmaydi. Afsuski, mo‘may pul evaziga o‘qishga kiritishni va’da qiladigan odamlar oramizda yo‘q emas. Bunday kimsalardan ogoh bo‘lish, ularning noqonuniy qilmishini o‘z vaqtida to‘xtalib qolish barchaning vazifasi.
IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi tomonidan vazirlikning Farg‘ona viloyatidagi akademik litseyida uchrashuv o‘tkazildi. O‘quv maskani bitiruvchilari, o‘qituvchi-murabbiylar va ota-onalar ishtirok etgan tadbir yoshlar taqdiri bilan bog‘liq muhim masala – oliy ta’lim muassasasiga qabul jarayonlarida korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olishga bag‘ishlandi.
Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining izchil siyosati tufayli oliy ta’lim tizimida keng qavrovli islohotlar amalga oshirilib, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. O‘quv muassasalariga qabul jarayonlari shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurashish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida ta’limning uzluksiz tizimi joriy qilinib, IIV Akademiyasiga o‘qishga qabul qilish qamrovi sezilarli oshirildi.
– Biroq farzandining taqdiriga yuzaki qarab, turli noqonuniy yo‘llar bilan ularni o‘qishga kiritishga harakat qiladigan ota-onalar ham bor, – dedi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik O‘tkir Qosimov. – Bunday holatlarga qarshi kurashish maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Barchamiz bir narsani chuqur anglashimiz kerak, korrupsiya va u bilan bog‘liq xatti-harakatlar qayerda bo‘lmasin, jamiyatni tanazzulga yetaklaydi.
Uchrashuvda ana shunday salbiy illatlardan hushyor bo‘lish, yoshlar kelajagi yo‘lida qilinayotgan ezgu ishlardan oqilona foydalanish, korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, unga qarshi kurashishda yurtga daxldor, vatanparvar va murosasiz munosabatda bo‘lish haqida zarur tavsiyalar berildi. Tadbir yakunida barchani ogohlikka da’vat etuvchi bukletlar tarqatildi.
Aytish joizki, vazirlik tasarrufidagi barcha akademik litseylarda o‘tkazilgan bu kabi uchrashuvlar bo‘lajak imtihonlar oldidan yurtdoshlarimizning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati