Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi Asosiy qonunimiz qabul qilinganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlandi. Anjuman Davlat-huquqiy fanlar va inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi tomonidan tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari ishtirok etgan anjumanni o‘quv dargohi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Ziyodullayev ochib berdi.
E’tirof etilganidek, har bir davlat xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘z Konstitutsiyasida mustahkamlab oladi. Bundan o‘ttiz yil muqaddam qabul qilingan Asosiy qonunimiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuqlarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelmoqda. Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish g‘oyasiga sodiq qolib, shu yo‘lda keng ko‘lamli ulkan ishlarni amalga oshirdik.
Ilmiy-amaliy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Abdumannop Rahimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i Xayrulla Ro‘zmetov, IIV Akademiyasining Davlat-huquqiy fanlar va inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi dotsenti Gulchehra Matkarimova va boshqalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Bosh qomusimizning hayotimizdagi ahamiyati, milliy davlatchilikni shakllantirishdagi o‘rni, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati xususida fikr-mulohazalar yuritildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati